Yangi tur genetik koddagi mutatsiyalar nomlari sharafiga FLiRT deb atalgan.
FLiRT Omikron oilasiga tegishli bo‘lib, dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, butun dunyoda dominantga aylanishi mumkin. FLiRT variantlarining belgilari omikronnikiga o‘xshaydi: isitma, yo‘tal, tomoq, bosh va mushak og‘riqlari, holsizlik, taʼm yoki hid bilmaslik.
FLiRT variantining tarqalishi tufayli AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) bu yilgi yozda Amerikada koronavirus holatlari ko‘payishini taxmin qilmoqda. CDC maʼlumotlariga ko‘ra, mart oyining boshidan beri FLiRTning Qo‘shma Shtatlardagi jami koronavirus holatlaridagi ulushi 11 may holatiga ko‘ra 3,8 foizdan 28,2 foizgacha ko‘tarilgan.
Buyuk Britaniyada bu variantlar 15 may holatiga ko‘ra, barcha holatlarning 21 foizini tashkil qilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, FLiRT 14 ta Yevropa davlatida va Isroilda aniqlangan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, omikronning so‘nggi turlarini bemorlar “nisbatan oson” boshdan kechirmoqda, ulardan o‘lim darajasi yuqori emas. Shuning uchun yangi turlardan jiddiy o‘zgarishlarni kutmasa ham bo‘ladi. Ammo yakuniy xulosalar, shu jumladan emlash zarurati haqida, turli tadqiqotlar natijalariga tayanib, masalan, virus genomlarini o‘rganish asosida gapirish mumkin.
Mutaxassislar nima bo‘lganda ham qo‘llarni tez-tez yuvish, binolarni shamollatish, ish joylari va anjomlarni dezinfeksiya qilish, kasallik belgilari bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmaslik kabi profilaktika choralarini eʼtiborsiz qoldirmaslikka chaqirmoqda.