Bag’rikenglik milliy qadriyat sifatida

Bag’rikenglik milliy qadriyat sifatida

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari milliy qadriyatlarimizdan biri hisoblanuvchi o’zbek tilini mukammal bilish iqtisodiy farovonlikka qanday ta’sir qilishini ekonometrik yondashuv asosida o‘rganib chiqdi. (https://imrs.uz/public/ckfinder/userfiles/files/link/26_12_2023%2012_14.pdf)

Millatning birinchi ko‘rinishi bu til. Shu bois ham dunyoda o‘zini hurmat qiladigan har bir millat avvalo o‘z ona tilini ulug‘laydi. Chunki o‘tmish, bugun va kelajak til bilan birga yashaydi, saqlanib qoladi va rivoj topadi. Biz o‘z oldimizga dunyodagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek maqsadni qo‘ygan ekanmiz, avvalo ona tili va unga bo‘lgan hurmatni qadriyat deb bilishimiz darkor.

Milliy yuksalish haqida so‘z ketganda uning avvalo o‘zbek tili bilan bog‘liq ekanligini unutmaslik darkor. Shuning uchun ham o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilari mehnatini rag‘batlantirish, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazish hamda oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish bu boradagi muhim qadamlardandir.

Ona tilini mukammal bilish iqtisodiy jihatdan ham ahamiyatli. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ona tilini puxta o‘rganish inson kapitaliga qilingan muhim sarmoyadir. Ona tiliga asoslangan ta’lim (Mother Tongue Based) aholining savodxonligi bilan birga muvaffaqiyatli o‘qish va mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini oshiradi. Shuningdek, mahalliy tilga ko‘proq e’tibor qaratadigan mamlakatlarda ijtimoiy taraqqiyot, harakatchanlik va kapitalning yaxshilanishi aniqlangan.

YUNЕSKO tadqiqotiga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda ona tiliga asoslangan ta’lim dasturlarida ta’lim olgan bolalar nafaqat savodxonlik ko‘nikmalarini, balki o‘ziga bo‘lgan ishonch va madaniy g‘ururni ham oshiradi. Ona tilini mukammal bilish ikkinchi chet tilini o‘rganishda yordam berib, o‘z navbatida ish haqining (ikkinchi tilni bilgani uchun) oshishiga olib keladi. Shuningdek, ona tilini o‘rganishdagi ko‘nikmalardan chet tillarni o‘zlashtirishda keng foydalaniladi.

Metodologiya. Mazkur tadqiqotdagi hisob-kitoblarda O‘zbekistonda 2021-yil uchun uy xo‘jaliklari byudjetini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalaridan foydalanildi. Tadqiqotda ona tilini bilish umumiy ta’limdagi muvaffaqiyatni (ta’lim yillarini) oshiradi va ikkinchi chet tilini o‘rganishda yordam beradi, degan gipotezalar shakllantirilgan. Ushbu gipotezalarni tekshirishda regressiya modelidan foydalanildi.

Bundan tashqari, ikkinchi tilni bilish ish haqi ustamalarining oshishiga olib kelishini baholashda Minserning ish haqi modelidan, chet tilini bilishning ish haqiga ta’siri baholashda oddiy regressiya va o‘zgarmas effekt (fixed effect) modellaridan foydalanildi.

Natijalar. Ekonometrik tahlillar ona tilini bilish boshqa tillarni o‘zlashtirish ehtimoli va umumiy ta’lim darajasini oshirishini ko‘rsatdi. Shuningdek, o‘rta yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoshlar orasida chet tillarni bilish ehtimoli yuqori ekanligi aniqlandi. O‘zbekistonda har bir qo‘shimcha o‘qilgan ta’lim yili ish haqining 8,79 foizgacha oshishiga (dastlabki tadqiqotda Jizzax viloyatida 12,5 foizgacha) olib keladi.

Amaliyotda qo‘llash uchun:
▪️O‘zbek tilida asarlar, jumladan san’at asarlari, kitoblar va boshqa materiallarning yaratilishi, turli dasturlarning ishlab chiqilishiga hissa qo‘shing.
▪️O‘zbek tili va adabiyotini boyitish, o‘zbek tilining nufuzini oshirishga harakat qiling.