Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2022-2023 yillarning yanvar-noyabr oylarida onlayn auksionga ijara va mulk huquqi asosida chiqarilgan yerlarning tumanlar kesimidagi holatini tahlil qildi.
Mulk huquqi asosida eng ko‘p auksion savdosiga chiqarilgan yer uchastkalari qo‘yilgan lotlar soni Oltiariq (1 675 ta), Beshariq (652 ta), Hazorasp (609 ta), Qo‘shko‘pir (525 ta), Tuproqqal’a (525 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelgan. Ijara huquqi asosida esa Andijon, Qiziltepa, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Bulung‘ur, Sayxunobod, Nurobod va Zarafshon shaharlarida eng ko‘p yer maydoni auksionga chiqarilgan. Natijada yer auksionlarida 1,02 trln. so‘mlik savdolar amalga oshirilib, ushbu mablag‘ning ma’lum bir qismi mahalliy byudjetga yo‘naltirilgan.
Ushbu tuman (shahar) larda ko‘p yer uchastkalarining auksion orqali sotilishi qo‘shimcha 10 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub’yektlarining tashkil topishiga olib kelgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagi tumanlar qishloq xo‘jaligi yerlarini ijara huquqi asosida dehqonchilik uchun auksionga eng ko‘p chiqargani aniqlandi:
2023-yilning yanvar-noyabr oylarida 2022-yilning shu davridagiga nisbatan Qarshi tumanida 2,8 barobar, Mingbuloq tumanida 1,1 barobar, Bekobod tumanida 1,7 barobar, Bo‘ka tumanida 1,7 barobar, Oltiariq tumanida 3,6 barobar ortgan.
Auksionga qo‘yilgan yer maydonlari tumanda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, Shahrisabz tumanida qishloq aholisiga dehqonchilik uchun auksion orqali ijaraga yer berilishi tufayli mavjud ishsizlarning 30 foizi, Uchqo‘rg‘on tumanida esa 40 foizi ish bilan ta’minlangan.
Yer auksion savdolarini yanada takomillashtirish uchun quyidagilar taklif qilinmoqda:
➖ auksion savdolariga ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik kommunikatsiyalari ob’yektlari mavjud bo‘lgan hududlarda namunaviy loyihalar asosida master rejani ishlab chiqish sharti bilan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida auksionga chiqarish ishlarini jadallashtirish;
➖ tuman (shahar) kadastr filiallari hamda qurilish bo‘limlari shaharsozlik infratuzilmasi mavjud bo‘lgan yerlarning auksion savdolariga chiqarilishi ularning iqtisodiy jihatdan jozibadorligini oshiradi hamda hududlarda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga imkoniyat yaratadi.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim tumanlarda lalmi hamda cho‘l-dasht yerlar auksionga chiqarilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bunday yerlarda auksion savdolarini takomillashtirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya qilinadi:
➖ qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning auksion-konkurs shaklidan auksion-ochiq savdo tizimiga o‘tilishi (har bir lot uchun ma’lum bir minimal narx belgilanadi, keyin ishtirokchilar tomonidan bosqichma-bosqich yuqori narx taklif qilinadi) yerdan foydalanishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi;
➖ auksiondan olingan yerning ijara huquqini garovga qo‘yib kredit olish mexanizmini joriy qilish dehqon xo‘jaliklarining aylanma mablag‘larini shakllantirishga xizmat qiladi.