Bir yil ichida butun dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish ikki baravar koʻpaygan — JSST

Bir yil ichida butun dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish ikki baravar koʻpaygan — JSST

2023-yilda dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish 2022-yilga nisbatan qariyb ikki baravar koʻp qayd etilgan. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Barselonada boʻlib oʻtgan Yevropa klinik mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar jamiyati global kongressida taqdim etilgan hisobotida aytildi.

JSST maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida shifokorlar 321 582 qizamiq infeksiyasini aniqlagan. Bu 2022-yilga (171 153 ta holat) nisbatan 88 foizga koʻpdir.

JSST 2022-yil dekabridan 2023-yil noyabrigacha qizamiqning ogʻir epidemiyasidan jabrlangan mamlakatlar soni uch baravarga — 17 tadan 51 taga koʻpayganini taʼkidladi. Ogʻir epidemiyalar 12 oy davomida 1 million aholiga toʻgʻri keladigan kasallikning 20 va undan ortiq holatlarining barqaror darajasi sifatida aniqlanadi.

2024-yil boshidan buyon butun dunyo boʻylab taxminan 94 481 qizamiq holati qayd etilgan. Ularning 45 foizi JSST Yevropa mintaqasiga toʻgʻri keladi. Yaman, Ozarbayjon va Qirgʻiziston global miqyosda kasallanish darajasi eng yuqori boʻlgan davlatlar, deb topildi.

JSST mamlakatlar qizamiqqa qarshi emlash kampaniyalarini kuchaytirishi kerakligini taʼkidlamoqda. 2022-yilga kelib, COVID-19 pandemiyasi davrida butun dunyo boʻylab qizamiqqa qarshi emlashlar soni 3 foizga kamaygan va buning natijasida 33 million bola kasallikdan himoyalanmagan.

Mutaxassislarning taxminicha, qizamiqqa qarshi emlash 2030-yilga borib 50 million bevaqt oʻlimning oldini oladi.