G‘azo sektorida Isroil hujumi boshlangandan buyon 20 ming chaqaloq dunyoga kelgan — UNICEF

G‘azo sektorida Isroil hujumi boshlangandan buyon 20 ming chaqaloq dunyoga kelgan — UNICEF

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Bolalar Favqulodda Jamg‘armasi (UNICEF) G‘azo sektorida Isroil hujumi boshlangan 7-oktyabrdan buyon 20 ming chaqaloq tug‘ilganini maʼlum qildi.

Keltirilishicha, G‘azo sektorida keskinlik kuchaygan 105 kun ichida 20 mingga yaqin chaqaloq urush muhitida dunyoga kelgan. Bu har 10 daqiqada bir chaqaloq tug‘ilishi degani.

«G‘azo sektoridagi homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ahvolini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi», degan UNICEF vakili Tess Ingram Jenevada o‘tkazilgan matbuot brifingida.

Uning taʼkidlashicha, urush keltirib chiqargan g‘ayriinsoniy sharoit yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ham bevosita taʼsir qiladi, buning oqibatida to‘yib ovqatlanmaslik, rivojlanish muammolari va boshqa sog‘liq muammolari ko‘payadi.

«G‘azo sektoridagi 2 yoshgacha bo‘lgan 135 ming bola to‘yib ovqatlanmaslik xavfi ostida qolmoqda», deb ogohlantirdi u.

Maʼlumot uchun, Isroil armiyasi o‘tgan yilning 7- oktyabridan beri G‘azoga qarshi vayronkor urush olib bormoqda, oqibatda joriy yilning 19-yanvar holatiga ko‘ra, 24 620 kishi halok bo‘ldi va 61 830 kishi jarohat oldi, ularning aksariyati bolalar va ayollardir.