Isroil harbiylari Rafahning sharqiy hududlariga qizil varaqalar tashlab, falastinliklarni Al-Mavasi shahriga koʻchib oʻtishga chorlamoqda.
Varaqalarda aytilishicha, shahardagi lagerlarda qolish hayot uchun xavfli. Shuningdek, Isroil harbiylari, goʻyoki, hududda terror tashkilotlarga qarshi kurashayotganligi aytilgan.
«Al-Jazeera» nashrining xabar berishicha, Isroil armiyasi Rafahdan 480 mingga yaqin odamni evakuatsiya qilish uchun har biriga 12 kishi joylashadigan 40 mingta chodirlarni shay holatga keltirgan.
Isroil kuchlari muntazam ravishda Gʻazodagi hujumlardan ogohlantirib varaqalar tarqatib, xavfsiz joylar haqida maʼlumot berib keladi. Ammo koʻp hollarda manzil joylashuvlari xato boʻlib chiqqan.
BMT qoshidagi falastinliklarga gumanitar yordam koʻrsatuvchi agentlikning aytishicha, aholini xavfsiz joyga koʻchirish uchun tinch joyning oʻzi yoʻq. Shahardagi 1,4 million aholining yarmi bolalardir. Portlamay qolgan qurollar odamlarda doimiy vahima uygʻotmoqda.