Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) raisi Si Szinpin oxirgi besh yil ichida birinchi marta Yevropaga safar qilish davomida, Rossiya — Ukraina urushi, Pekin va Bryussel oʻrtasidagi iqtisodiy tanglik masalalari muhokama markazida boʻlishi mumkin.
XXR rahbari 6-may kuni Pireney janubiga sayohat qilishdan oldin Emmanuel Makron va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan uchrashadi. Undan soʻng 2022-yil fevralida Ukrainaga keng koʻlamli bosqiniga qaramay, Rossiya bilan yaqin aloqada boʻlgan Serbiya va Vengriyaga tashrif buyuradi.
Atlantika Kengashining “Global China Hub” direktori yordamchisi Mett Gerasimning soʻzlariga koʻra, Xitoy raisi Yevropaga safaridan uchta maqsadni koʻzlagan: birinchisi, Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoʻllab-quvvatlashi oqibatida buzilgan Yevropadagi munosabatlarni tiklash; ikkinchisi, Yevropa Ittifoqining Xitoyga nisbatan iqtisodiy xavfsizligini yumshatish; uchinchisi, esa yaqin hamkorlar Serbiya va Vengriya bilan aloqalarni yanada mustahkamlash masalalaridir.
Pekin va Parij diplomatik munosabatlar oʻrnatganiga 60-yil toʻldi. Si Szinpinning tashrifi bu safar xalqaro maydondagi nozik munosabatlar vaqtiga toʻgʻri keldi. Rossiya —Ukraina, Isroil — Falastin nizolari sabab global xavfsizlik iqlimi yomonlashayotgan bir paytda rasmiy Pekin betaraflikni afzal koʻrgan. Ammo shu bilan birga Rossiya bosqinini qoralamagan ham.
— Muzokaralar xalqaro inqirozlarga, birinchi navbatda, Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratiladi, — deyiladi Yelisey saroyi oʻtgan hafta tashrif oldidan eʼlon qilgan bayonotda.
Makron soʻnggi paytlarda qitʼa xavfsizligi boʻyicha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yetakchiga aylandi. Shu sabab u xitoylik hamkasbidan Ukraina masalasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan til topishishga harakat qiladi. Fransiya rahbariga koʻra, agar Rossiya Ukrainada gʻalaba qozonsa, Yevropa xavf ostida qoladi. Shuningdek, qoʻshni davlatlar Moldova, Ruminiya, Polsha, Litva va boshqa davlatlar tahlika maydoniga aylanib qolishi mumkin.
Makron NATO va AQSHga tayanishdan koʻra, Yevropaning oʻz xavfsizlik arxitekturasini rivojlantirish zarurligi haqida tobora koʻproq gapirmoqda. Agar Rossiya front chizigʻini yorib oʻtib, Kiyev yordam soʻragan taqdirda Fransiya oʻz qoʻshinlarini Ukraina yuborishga tayyorligini aytdi. Makron Shveysariyada joriy yilning iyun oyida tashkil qilinayotgan tinchlik konferensiyasida Xitoyning faol ishtirokidan umid bildirgan. Kreml esa ushbu anjumanda ishtirok etishni rad etgan.
— Biz Xitoyni jalb etishda davom etishimiz kerak, bu esa Moskvaning fikrini oʻzgartirish uchun eng katta taʼsir koʻrsatadigan xalqaro oʻyinchidir, — degan Fransiyaning “Le Monde” gazetasi nomi oshkor etilmagan diplomatik manbaga tayangan holda.
Fransiya safari yakunlagach, Si Szinpin Serbiyaga yoʻl oladi va Xitoy elchixonasining portlashiga 25-yil toʻlishi munosabati bilan Belgradda prezident Aleksandr Vuchich bilan koʻrishishi kutilmoqda. Oʻsha portlashdan soʻng Xitoy Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlmagan Serbiyaga eng katta investitsiya kiritgan.
Shundan soʻng, XXR rahbari 8-may kuni Budapeshtda Yevropa Ittifoqidagi eng doʻst davlat rahbari Viktor Orban bilan uchrashadi. Siyosati Yevropa Ittifoqi aʼzolari orasida xavotir uygʻotgan Vengriya Pekin va Moskvaga sezilarli darajada yaqinlashdi. Shuningdek, Xitoy bilan xavfsizlik boʻyicha hamkorlik shartnomasini imzolagan.
Vengriya, shuningdek, 2015-yilda Xitoyning “Bir makon bir yoʻl” loyihasiga qoʻshilib, tashabbusning bir qismiga aylandi. Uchrashuv davomida Budapesht va Belgrad oʻrtasida davom etayotgan tezyurar temir yoʻl qurilishi muhokama qilinishi mumkin.