Bekobod tumani Zafar shaharchasida yashovchi er-xotin Rossiyaga ishlagani ketib, ikkita qizini Boʻka tumani Choʻlabod qishlogʻida yashovchi qarindoshiga ishonib topshirib ketadi.
Ota-ona Rossiyada ishlab yurganda ularning bolalari har kuni itdek kaltak yeb, qiynalib yurardi. Vasiylikka ishonib berilgan ayol shu yil 11-mart kuni qarindoshlarining kichik qizini katta yogʻoch boʻlakchasi bilan kaltaklab, urib oʻldirib qoʻydi.
Avvaliga urib, badanlarini koʻkartirib qonatib huzurlanib boʻlgach, ingrab yotgan 7 yashar qizchani joyiga olib kirib yotqizib qoʻygan. Yarim tunda ham qizchaning ovozi bosilmaganidan keyin chiqib yana urgan. Oxiri jimib qolganidan xavotirlanib tez yordam chaqirgan. Bor-yoʻq aybi koʻchada bolalarga qoʻshilib ozroq oʻynagan qizaloq mana shunday tarzda qiynab oʻldiriladi!
Bolaning ota-onasi janozaga ham yetib kelolmagan.
Qizaloq joni chiqar paytida shifokorga qarab: «Onamga ayting, men uni yaxshi koʻraman, singlimni tashlab Rossiyaga ketmasinlar», debdi. Bu voqea Boʻka va Bekobodni larzaga soldi. Odamlar koʻz oʻngida sodir boʻlgan vahshiylik yoshu qarini yigʻlatdi.