Fransiya Ukrainaga joʻnatiladigan kontingentni tayyorlamoqda, — dedi Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin.
«Mamlakatning hozirgi rahbariyati oddiy fransuzlarning oʻlimi va generallarning xavotirlari bilan qiziqmaydi. Rossiya tashqi razvedka xizmatiga kelgan maʼlumotlarga koʻra, hozirdanoq Ukrainaga kontingent joʻnatish uchun tayyorlanmoqda. Dastlabki bosqichda bu taxminan ikki ming kishini tashkil etadi», — deydi Narishkin.
«Bu kontingent Rossiya qurolli kuchlarining hujumlari uchun qonuniy ustuvor nishonga aylanadi. Bu rus dunyosiga qilich bilan kelgan barcha fransuzlarning taqdiriga daxldorlikni anglatadi», dedi u.
Shu yilning fevral oyi oxirida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij Rossiyaning «bu urushda gʻalaba qozonishiga» yoʻl qoʻymaslik uchun hamma narsani qilishini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb davlatlari rahbarlari Ukrainaga qoʻshin kiritish imkoniyatini muhokama qilgan, biroq hozircha konsensusga erishilmagan.
Keyinchalik NATO ittifoqchilari tomonidan ham, mamlakat ichida ham bu bayonotlari uchun keskin tanqidga uchragan siyosatchi uning barcha soʻzlari diqqat bilan oʻylanganini taʼkidladi. Mart oyi boshida muxolifat yetakchilari bilan uchrashuvda Makron Kiyevga yordam berish masalasida Fransiyada «chegara va qizil chiziqlar yoʻq»ligini yana bir bor taʼkidladi.
Fransiya prezidentining Ukrainaga qoʻshin joʻnatish haqidagi soʻzlarini sharhlar ekan, Kreml voqealarning bunday rivojlanishi muqarrar ravishda Rossiya va NATO oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga olib kelishini aytdi.