Yevropa Ittifoqi (YI) aʼzo mamlakatlarga oʻzini himoya qilish va “jang maydonida gʻalaba qozonish” imkonini beradigan yangi avlod qurollarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi kerak.
Ushbu fikrlarni Yevrokomissiya (YK) rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa xalq partiyasining Buxarestda boʻlib oʻtgan qurultoyida aytib oʻtdi.
“Yevropa Ittifoqi jang maydonida gʻalaba qozonish imkonini beradigan yangi avlod qurollarini ishlab chiqarishni taʼminlashi kerak va Yevropa xalq partiyasi oʻzini himoya qilishga qodir Yevropani oldinga boshlay oladigan partiyadir”, dedi fon der Lyayen xonim. U, shuningdek, agar YK rahbari etib qayta saylansa, Yevropa Komissiyasining yangi tarkibida Mudofaa boʻyicha maxsus Yevropa komissari lavozimi koʻzda tutilishiga vaʼda berdi.
Ursula fon der Lyayen shu yilning fevral oyida Yevropa Komissiyasining yangi tarkibida Mudofaa boʻyicha Yevropa komissari boʻlishi maqsadga muvofiqligini maʼlum qilgandi. Uning vazifalariga birlashgan Yevropa mudofaa sanoati salohiyatini oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish kiradi.
Shu yilning 5-mart kuni Yevropa Ittifoqi birinchi marta Yevropa mudofaa sanoati strategiyasini taqdim etdi. U 2025–2027-yillarga moʻljallangan mudofaa sanoatini rivojlantirish boʻyicha Yevropa dasturini oʻz ichiga oladi. Yevropa Ittifoqi “harbiy sanoatning yuqori tayyorgarligiga” erishish uchun uni rivojlantirishga YI byudjetidan 1,5 milliard yevro ajratishga vaʼda berdi.