Norvegiya Ukrainani havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa tizimlari bilan taʼminlash boʻyicha xalqaro koalitsiyaga qoʻshildi. Bu haqda Germaniya mudofaa vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
“Ukraina uchun kuchli signal: Norvegiya ham havo va raketaga qarshi mudofaa qoʻshma koalitsiyasiga qoʻshildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Xalqaro koalitsiyaga Germaniya va Fransiya boshchilik qilmoqda. Uning maqsadi Ukrainaning havo mudofaasini kuchaytirishdir.
Shu yilning 6-mart kuni “Bloomberg” agentligi Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun 800 ming snaryad sotib olish uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni deyarli toʻplagani haqida xabar berdi. Oʻq-dorilar bir necha hafta ichida Kiyevga yuborilishi mumkin.
Shu yilning fevral oyida Ukraina prezidenti devoni rahbari oʻrinbosari Igor Jovkva Norvegiya Tashqi ishlar vazirligining Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kristian Sise bilan uchrashgandi. Muloqotda siyosatchilar oʻz mamlakatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvini muhokama qilgan.