Oʻtgan haftada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hayʼatlarining onlayn majlisi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon oyi hilolini kuzatish boʻyicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik maʼlumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil koʻrib chiqildi.
Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni eʼtiborga olib, hijriy 1445-yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024-yil 11-mart, dushanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar.