“2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori (PQ-113-son, 04.03.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga toʻlsin sen bilan, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Navroʻz umumxalq bayramini yuqori saviyada tashkil etish uchun quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi, jumladan:
— Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etishga;
— bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirishga;
— “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navroʻz bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini oʻtkazishga.