Jahongir Boymurodov/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya 2023-yilning iyul oyida Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib, Chin yurti tadbirkorlari bir qator kelishuvlarga erishgan edi. Ana shunday kelishuvlardan birida viloyatga 100 dona zamonaviy jamoat transporti olib kelish koʻzda tutilgandi. Bu avtobuslarning 30 tasi 2023-yilning noyabr oyida “Sharofiddin-Nurillo” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan xarid qilinib, viloyatga olib kelingandi.
— Oʻtgan vaqt oraligʻida ushbu avtobuslarni toʻliq yoʻnalishlarga qoʻydik, — deydi jamiyat ish yurituvchisi Akmal Turdiyev. — Mana endi navbatdagi 30 ta zamonaviy avtobuslarimiz ham viloyatimiz ahliga xizmat qilishni boshlaydi. Tez orada qolgan 40 ta avtobusni ham olib kelish boʻyicha harakatga kirishamiz.
Ushbu avtobuslarning har biri 24 tadan oʻrindiqqa ega boʻlib, umumiy yoʻlovchi qabul qilish sigʻimi 60 kishini tashkil etadi. Avtobuslarda yoʻlovchilar uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar mavjud.
Yangi avtobuslarning ilk yoʻnalishga chiqish jarayonlarida Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov, Qarshi shahri va tumani hokimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 290 dan oshiq yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari mavjud boʻlib, ayni paytda ushbu yoʻnalishlarda 411 ta avtobus, 43 ta mikroavtobus hamda 2400 dan ortiq “Damas” avtomobillari yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatmoqda.