Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, 2024-yil oxiriga kelib, dunyo mamlakatlarining yarmidan koʻpida qizamiq epidemiyasi tarqalish xavfi juda yuqori ekanligidan ogohlantirdi.
Chunki ushbu kasallik hozirgacha Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼalaridan boshqa barcha mintaqalarda qayd etildi.
Mutaxassislar xulosasiga koʻra, epidemiologik vaziyat yomonlashuvi koronavirus pandemiyasi davrida qizamiqqa qarshi emlash tadbirlari yetarli darajada tashkil etilmagani oqibatidir.
Xususan, 2022-yili dunyo boʻyicha emlash qamrovi 2021-yilga nisbatan biroz oshgan boʻlsada, ammo shunda ham 33 million bola mazkur xastalikka qarshi vaksinalar dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin oʻgʻil-qiz ularning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.
«2024-yilgi emlash dasturlarida ham katta boʻshliqlar bor, — deydi JSST vakili Natasha Kroukroft. — Agar holat shunday davom etsa, millionlab bolalarimiz bundan jabr koʻrishi mumkin.
Bugun sayyoramiz boʻyicha qizamiqning oʻsish dinamikasi kuzatilyapti. Ayniqsa oʻrta daromadli mamlakatlarda ahvol qoniqarli emas. Biz 2019-yilgi holat takrorlanishidan xavotirdamiz”.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yili Yer yuzida qizamiq bilan kasallanish darajasi keskin oshib, soʻnggi 23-yildagi rekord koʻrsatkichga yetgandi (869 mingta holat). Eng yomoni, oʻsha yili bu xastalikdan oʻlim statistikasi ham 2016-yilga nisbatan deyarli 50 foizga koʻpaydi (207 ming holat).