Uchta davlat yetakchisi jonini saqlab qolgan oʻzbek razvedkachisi

Uchta davlat yetakchisi jonini saqlab qolgan oʻzbek razvedkachisi

Afsonaviy oʻzbek razvedkachisi Sharif Shirinboyev saʼy-harakati bilan fashistlar Eronda amalga oshirmoqchi boʻlgan “Tehron gilami” amaliyoti muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Natijada uchta ittifoqchi davlat yetakchilari, yaʼni Stalin, Ruzvelt va Cherchillning joni saqlab qolindi.

Odamzot boshiga cheksiz balo hamda ofatlarni yogʻdirgan ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalaba bir yoki bir nechta xalqning gʻalabasi emas, balki butun insoniyatning ulugʻ yutugʻidir. Shu jumladan, sobiq ittifoq tarkibida boʻlgan oʻzbek xalqining ushbu gʻalabaga qoʻshgan hissasi beqiyos. Masalan, oʻzga millatlar vakillari kam deya taʼna qilinadigan razvedkachilikda qator oʻzbek oʻgʻlonlari yetishib chiqadi va ular aqllarni shoshiradigan ishlarni voqeaga keltiradi. Shulardan biri Sharif Shirinboyev.

Ammo oʻsha davrlarda boʻlganidek hozirgi paytda ham uning xizmatlari kam eslanadi. Agar oʻzgalarga qoʻyib bersak, umuman tilga olmaydilar ham.

General-leytenant Pavel Sudoplatov suhbatidan muvaffaqiyatli oʻtgan Sharif Shirinboyev 1942-yilda maxsus topshiriq bilan Eronga yuboriladi. “Sharif Qayumiy” taxallusi bilan faoliyat olib borgan razvedkachimizning zimmasiga yuklangan vazifa oʻta maxfiy boʻlishidan tashqari, juda murakkab edi.

Men Sharif aka bilan oʻtgan asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshida koʻp uchrashganman. Fozil va zakiy odam edi. Boshqa hamkasblarim qatori men ham u kishidan koʻp maslahat olganman. Ustozimiz. Ayrim asarlari, xususan, “Sharqdan esgan nasim” xotira kitobini qoʻlyozmaligida oʻqiganman. Afsuski, oʻsha paytlarda uni chop etishning iloji boʻlmagan.

Xudoyberdi Sohibov,

isteʼfodagi polkovnik.

Fashistlar razvedkasi 1943-yilda Tehronda boʻladigan “katta uchlik”, yaʼni Sovet Ittifoqi, AQSH va Buyuk Britaniya yetakchilari ishtirokidagi konferensiya davomida ularga suiqasd uyushtirishni reja qiladi. Negaki, ushbu uchrashuv doirasida Stalin, Ruzvelt va Cherchill tomonidan urushda ikkinchi frontni ochish hamda urushdan keyingi oʻzaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqilishi kutilardi. Albatta, bu fashistlar manfaatlariga zid edi.

Shunday qilib, Sharif Shirinboyevga konferensiya ishi xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq maxsus topshiriq beriladi. Unga koʻra, “Qayumiy” Eronning turkman dashtlariga chiqib, dushmanning jangovar otryadi haqida toʻliq maʼlumotlar toʻplab kelishi kerak boʻlgan.

1942-yili Sharif Shirinboyev Eronga 1948-yilgacha davom etgan maxsus safarga otlanadi. Zimmasiga fashistlar agenturasining Sovet Ittifoqiga qarshi olib borayotgan qoʻporuvchilik harakatlarini aniqlash hamda barbod etishdan iborat jangovar vazifa yuklanadi.

Qulman Ochilning “Vatan uchun

jon tikkanlar” maqolasidan.

Hammasini puxta oʻylagan razvedkachimiz samarqandlik boy Xudoyberdi oʻgʻli Abduqodir nomi bilan eronlik savdogarlar karvoniga qoʻshilib oladi va ular bilan dushmanlar qoʻnim topgan joyga yetib boradi. Uch kun davomida savdo-sotiq bilan band boʻlgan “Qayumiy” dushmanlarning 67 nafari bilan yaqindan tanishishga ham ulguradi.

Boshqa bir maʼlumotda kelishicha, “Qayumiy” choʻpon siyoqida dushman qarshida paydo boʻladi hamda ular bilan til topishishga muvaffaq boʻladi.

Shu tariqa, razvedkachimiz ustomonlik bilan dushmanning asl rejasi, soni, qurollari va boshqa maʼlumotlarni keragicha bilib oladi. Qiziq joyi shundaki, u Tehronga qaytishdan oldin dushmanlar bilan esdalik uchun suratga tushishni ham esdan chiqarmaydi.

Razvedkachimiz bergan maʼlumotlar qoʻl kelib, dushman rejasi fosh etiladi. Natijada “katta uchlik”ning konferensiyasi betalafot oʻtkaziladi va 3 ta davlat yetakchilarining joni omon qoladi.

Baʼzi shovinist siyosatchi va tarixchilar xalqimizning urush yillaridagi jasoratini har qancha pastga urishga, qahramonlarimiz nomlarini ataylab tilga olmaslikka urinmasin, ona Vatan asl oʻgʻlonlarini aslo unutmaydi, qalbi toʻrida ardoqlab saqlaydi va kelgusi avlodlarga beshikast yetkazadi.

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!