BMTning Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

BMTning Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal Bryus bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarini hal qilish borasidagi saʼy-harakatlar va davlat rahbari tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi. Bu, oʻz navbatida, ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.

Konsuelo Vidal Bryus xonim Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, respublikamizning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotganini taʼkidladi.

Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, umuman hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.