Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Oʻzbekiston va Xitoyning koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, shu jumladan Oʻzbekiston hududlari va SHUAR oʻrtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik va barcha sharoitda strategik sheriklik munosabatlaridagi bugungi yuksak daraja katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekistonning Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni bilan tovar ayirboshlashi oshmoqda – bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻzaro savdosining qariyb 10 foizi shu hududga toʻgʻri keladi.
SHUARning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalari portfeli 3,5 milliard dollarni tashkil etib, bugungi kunda “yashil” energetika va elektrotexnika, qurilish tarmogʻi va yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish, metallurgiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Madaniy almashinuvlar dasturi faol amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari SHUAR bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi. Innovatsion texnologiyalar, qishloq va suv xoʻjaligi, transport va logistika, bank-moliya sohasi, taʼlim, anʼanaviy tibbiyot kabi bir qator ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.
Oʻzbekiston har yili Urumchi shahrida oʻtkazib kelinayotgan “Ekspo Xitoy-Yevroosiyo” bosh koʻrgazmasida faol ishtirok etishi qayd etildi.
Uchrashuvda gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
“Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.