Isroilda bosh vazir Netanyaxuga qarshi namoyishlar boshlandi

Isroilda bosh vazir Netanyaxuga qarshi namoyishlar boshlandi

Isroilda norozilik namoyishlari boshlandi, fuqarolar Bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumatini almashtirish uchun muddatidan oldin saylovlar oʻtkazishni talab qilmoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar bermoqda.

Minglab namoyishchilar Quddusdagi Isroil Knesset parlamenti binosi oldidagi koʻchalarga chiqdi. Bu Isroil va HAMAS oʻrtasidagi mojaro boshlanganidan beri Netanyaxu hukumatiga qarshi eng yirik namoyishlardan biri boʻldi. Miting toʻrt kun davom etishi kutilmoqda.

“Netanyaxu HAMASning 7-oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumlari oldidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishdan bosh tortgani va Gʻazo sektorida jangarilar tomonidan garovga olinganlarni uylariga olib kelish boʻyicha HAMAS bilan kelishuvga erisha olmagani uchun tanqid ostiga olindi”, — deyiladi nashrda.

Quddusda namoyishlar boshlanishidan bir kun oldin Tel-Avivda ham miting boʻlib oʻtdi.

Shu yilning yanvar oyida Isroilning Hayfa shahri koʻchalariga minglab namoyishchilar mamlakat bosh vaziri uchun muddatidan oldin saylov oʻtkazish talabi bilan chiqqani xabar qilingan edi. Namoyishlarda ishtirok etgan Isroil sobiq mudofaa vaziri Moshe Yaalon Netanyaxuni HAMASning Isroilga hujum qilishiga imkon bergan sharoitlarni yaratganlikda ayblagandi.

1-noyabr kuni bosh vazir Benyamin Netanyaxu churrani davolash uchun operatsiya qilindi. U toʻliq behushlik ostida boʻlgan. Qayd etilishicha, Netanyaxuning churrasi 30-mart, shanba kuni muntazam tekshiruv vaqtida aniqlangan.

Uning lavozimini vaqtincha adliya vaziri va mamlakat bosh vaziri oʻrinbosari Yariv Levin egallab turibdi. U Isroilda keng koʻlamli norozilik va koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan sud-huquq islohotlarining muallifi hisoblanadi.