Rossiya «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarish masalasini koʻrib chiqmoqda

Rossiya «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarish masalasini koʻrib chiqmoqda

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarish masalasini koʻrib chiqmoqda.

«Rossiyaning tegishli idoralari «Tolibon» harakatidan terrorchilik tashkiloti maqomini olib tashlash masalasini koʻrib chiqmoqda», deyiladi Rossiya tashqi ishlar vazirligi xabarida.

«Tolibon» harakatidan terrorchilik tashkiloti maqomini olib tashlashga kelsak, bu masala Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Rossiyaning boshqa tegishli idoralari tomonidan oʻrganilmoqda. Yakuniy qarorni mamlakat oliy siyosiy rahbariyati qabul qiladi», — deyiladi manbada.

Shu yilning 1-aprel kuni Rossiya prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining Osiyo boʻyicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov Afgʻoniston «Tolibon» harakati delegatsiyasi «Rossiya — Islom dunyosi» anjumanida ishtirok etishga taklif qilinganini maʼlum qildi. Forum shu yilning may oyida Qozon shahrida boʻlib oʻtadi.

Kabulovning qoʻshimcha qilishicha, Rossiya Federatsiyasi va «Tolibon» hukumati oʻrtasida terrorizmga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.