Bloger Salmon Jumaboyga nisbatan jinoiy ish ochildi

Bloger Salmon Jumaboyga nisbatan jinoiy ish ochildi

Moskvada tahqirlovchi xarakterdagi videolarni (vaynlar, hazillar) internetga joylashtirganlik uchun tojikistonlik bloger Salmon Jumaboyga nisbatan jinoiy ish ochildi, deb xabar berdi Rossiya Tergov qo‘mitasi.

Poytaxt Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 282-moddasi 2-qismi “v” bandi (nafrat yoki adovat qo‘zg‘atish, shuningdek, inson qadr-qimmatini kamsitish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

“2023-yil 9-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi fuqarosi bir guruh rus millatiga mansub shaxslarga nisbatan dushmanlik munosabatlariga asoslangan, slavyan ko‘rinishidagi qizlarning insoniy qadr-qimmatini kamsitish belgilarini o‘z ichiga olgan videolavhani suratga olgan va keyin internetga joylashtirgan”, — deyiladi hisobotda.

Hozirda gumonlanuvchi qo‘lga olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda, xususan, bloger tomonidan suratga olingan boshqa videolar tekshirilmoqda.

Shot Telegram kanali xabar berishicha, 9-dekabr kuni tarmoqda paydo bo‘lgan videoda bloger “tez orada barcha rus qizlari bizniki bo‘ladi”, deb ta’kidlab, “Natasha bilan” qanday qilib vaqtichog‘lik qilganini aytib beradi.