Yevropa chempionati xavfsizligi masalasi qanday yechilmoqda?

Yevropa chempionati xavfsizligi masalasi qanday yechilmoqda?

Germaniya joriy yil yoz oylarida “Yevro-2024” musobaqasiga mezbonlik qiladi. Ushbu yirik tadbir Ukraina va Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgan paytga toʻgʻri keldi. Shu sababli mamlakat muxlislar va oʻyinchilar xavfsizligini taʼminlash borasida qator muammolarga duch kelmoqda. Jumladan, Yevropa chempionati tashkilotchilari bezorilar va ehtimoliy terror xuruji yoki kiberhujum bilan bogʻliq holatlarning oldini olishga harakat qilmoqda.

Xavfsizlik kuchlari 2,7 millionga yaqin ishqiboz, mamlakat boʻylab tarqalgan 24 jamoat lageri va 14-iyundan 14-iyulgacha 51 oʻyin oʻtkaziladigan 10 ta stadionni himoya qilish bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari alohida belgilangan joylarda 12 millionga yaqin muxlis toʻplanishi kutilyapti.

— Xavfsizlik birinchi navbatdagi ustuvor vazifamizdir, — deydi turnir direktori Filipp Lam “AFP” axborot agentligiga bergan intervyusida. Ishtirokchi davlatlardan ham 300 ga yaqin xavfsizlik boʻyicha ekspert taklif etilgan.

Politsiya xodimlariga musobaqa davomida taʼtil berilishi taqiqlandi. Ichki ishlar vazirligi vakili aytishicha, poyezd va avtobuslar vokzali, aeroportlarda federal politsiya xizmati sezilarli darajada kuchaytiriladi.

Fransiya politsiyasi GFRga olib boradigan yoʻllar va oʻz terma jamoasi ishtirokidagi oʻyinlar oʻtadigan hududlarda hamkasblarga yordam beradi.

Britaniya hukumati avvalgi nojoiz harakatlari sababli stadionga kirishi taqiqlangan 1600 dan ziyod ingliz muxlislariga musobaqa vaqti Germaniyaga sayohat qilish taqiqlanganini maʼlum qildi.

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fazer standart chora-tadbirlardan tashqari, Ukraina terma jamoasi xavfsizligi kuchaytirilishini aytdi. Har bir oʻyinda 800-1300 nafar politsiyachi stadion atrofiga joylashtiriladi.

Armiya Milliy havo xavfsizligi markazidan osmonni kuzatib boradi.