Tahlilchilar: Benyamin Netanyaxuning hokimiyatda qolish istagi tufayli Gʻazoda urush davom etadi

Tahlilchilar: Benyamin Netanyaxuning hokimiyatda qolish istagi tufayli Gʻazoda urush davom etadi

Isroil oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini rad etib, Rafahda operatsiya boshlagani xalqaro yetakchilarda ham xavotir uygʻotmoqda. Isroil hujumidan soʻng oʻz pozitsiyasini ochiqchasiga maʼlum qildi. Yaʼni kelishuv doirasidagi masalalar Isroil manfaatlari uchun yetarli emas.

«Al-Jazeera» ushbu voqealar yuzasidan tahlilchilar fikri bilan qiziqib, muammo nimada ekanligiga atroflicha toʻxtaldi.

Ekspertlarga koʻra, Isroil doimiy sulhni hech qachon istamaydi va Gʻazo boʻylab halokatli urush davom etadi. Xalqaro inqiroz guruhining Isroil — Falastin boʻyicha katta tahlilchisi fikricha, Isroil Gʻazodagi hujumlarni davom ettirish huquqini oʻzida saqlab qolmoqchi. Oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishish oxir-oqibat sulhga olib keladi, Tel-Avivga esa hozir bunday kelishuv kerak emas.

Shuningdek, yahudiy davlatining asosiy maqsadlaridan biri HAMAS guruhini batamom yoʻq qilishdan iborat. Ikkinchi tomon HAMASni Gʻazoga qurol olib kirganlikda ayblab keladi.

Tahlilchilarning aytishicha, isroillik asirlar ozod qilinganidan keyin ham Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmaydi. Chunki ular Gʻazoni yoʻq qilishni koʻzlagan.

Shu yilning mart oyida Isroil demokratiya instituti tomonidan oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu oldida turgan jumboq shundaki, u Isroil xalqiga HAMASni yoʻq qilishga vaʼda bergan va koʻpchilik aholi Rafahga bostirib kirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Ammo AQSH Gʻazoga qarshi urush davomida Isroilni qoʻllab-quvvatlaganiga qaramay, keng koʻlamli bosqinni oqlamaslikni maʼlum qildi.

Hokimiyatda qolish istagi

Tahlilchilarga koʻra, Netanyaxuning siyosiy faoliyati ham Gʻazodagi urushni davom ettirishga bogʻliq. Ularning tushuntirishicha, doimiy oʻt ochishni toʻxtatish uning oʻta oʻng koalitsiyasining parchalanishi, muddatidan oldin saylov oʻtkazilishi va hokimiyatdan chetlatilishiga olib kelishi mumkin. Xabarlarga koʻra, Isroilning oʻta oʻngchi milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrich agar Isroil asirlik shartnomasi va oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlsa, Netanyaxu koalitsiyasini tarqatib yuborish bilan tahdid qilgan.

Shunday qilib, Netanyaxu hokimiyatda qolishi uchun urush davom etishi kerak.

May oyida AQSH prezidenti Jo Bayden Netanyaxuni Rafahga bostirib kirishdan ogohlantirgan va bunday harakat qizil chiziq boʻlishini aytgan edi. Oʻtgan haftada Amerika Qoʻshma Shtatlari Isroilga qurol yetkazib berishni toʻxtatish haqida maʼlumot berdi. Yuqori martabali rasmiylarga koʻra, mart oyida AQSH Isroil tomoni Rafahda foydalanishi mumkin boʻlgan qurollar roʻyxatini oʻrganib chiqqan.