Suv toshqinlari Pokiston uchun qimmatga tushmoqda

Suv toshqinlari Pokiston uchun qimmatga tushmoqda

Bu yil dunyo boʻylab yogʻingarchilik oʻtgan yillarga qaraganda sezilarli darajada koʻp boʻldi. Qator mamlakatlarning shaharlari suv ostida qoldi. Jumladan, aprel oyida Pokistonda kuchli yogʻingarchilik tufayli kamida 144 kishi halok boʻldi.

— Pokiston 1961-yildan beri eng yomgʻirli aprelga guvoh boʻldi. Bu oy davomida odatdagidan ikki baravar koʻproq yomgʻir yogʻdi, — deya xabar bergan mamlakat ob-havo agentligi. — Eng koʻp yogʻingarchilik janubi-gʻarbiy Balujiston viloyatida qayd etilgan boʻlib, bu oʻrtacha koʻrsatkichdan 437 foizga koʻp.

Pokiston meteorologiya agentligining maʼlum qilishicha, iqlim oʻzgarishi mintaqadagi noqulay ob-havo sharoitlariga taʼsir qiluvchi eng asosiy omillardan biridir. Misol uchun, 2022-yildagi yomgʻirning koʻp yogʻishi suv toshqinlarini keltirib chiqardi va natijada mamlakatning uchdan bir qismini suv bosdi. 1739 kishi halok boʻlgandi. Ushbu tabiiy ofat Pokiston hukumati uchun 30 milliard dollarga tushgan edi.

Joriy yildagi toshqinlar ekinzor, xususan, oʻrim-yigʻimga tayyor boʻlgan bugʻdoy maydonlariga katta ziyon yetkazgan. Bu esa mahalliy dehqon va fermerlar uchun iqtisodiy yoʻqotishlar olib kelishi bilan xavotirlidir.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Pokistonda kuzatilayotgan bugʻdoy inqirozi va mahalliy fermerlar hukumatga qarshi norozilik namoyishlari oʻtkazgani haqida maʼlumot berilgandi. Aynan ushbu muammoning asosida ham suv toshqinlari yotadi.