Toshkentliklar jasorati va yurtsotarlar kasofati

Toshkentliklar jasorati va yurtsotarlar kasofati

Turkiston xalqlari hech bir zamonda bosqinchilarga osonlikcha boʻyin ekkan emas. Jonidan kechib boʻlsayam hurriyat yoʻlida kurash olib borgan. Ana shunday eʼtiqod yuksak boʻlgan zamonlarda xalqimiz hech kimga qul boʻlmagan. Ammo ichimizdan yurtsotarlar chiqqan davrlarda, ming afsus, hurriyat qoʻldan boy berilgan.

Toshkentliklarning chor Rossiyasiga qarshi olib borgan mardona kurashi va yurtsotarlar kasofatiga Vatanimizning istibdodga tushib qolishi bunga yorqin misol boʻla oladi.

Tarixchilarning yozishicha, Alimqul Toshkentga kelgan paytda Chernyayev tomonidan yuborilgan josus ushlanadi. U toshkentlik amaldorlardan biri Abdurahmonbekning Chernyayev nomiga yozilgan xatini olib kelayotgan ekan. Bundan koʻrinadiki, Chernyayev doimiy ravishda oʻzimiznikilar yordamida Toshkent haqida zarur maʼlumotlarni olib turgan.

Sir fosh boʻlgach, Abdurahmonbek Toshkentdan qochib, Chimkentda turgan Chernyayev huzuriga boradi. Shunchaki qochib bormaydi, aksincha, Toshkent va toshkentliklar magʻlubiyatini taʼminlab bergan taklif bilan boradi. Uning taklifi bilan shaharni suv bilan taʼminlab turgan “Kaykovus” arigʻi toʻgʻoni buziladi va suv Chirchiq daryosiga burib yuboriladi. Natijada shahar tang ahvolda qoladi.

Voqea shu bilan yakun topgani yoʻq. Shaharni buzib tashlash bilan tahdid qilgan General Chernyayev toshkentliklarni darhol tinchlik sulhini tuzishga chaqiradi.

Keyin nima boʻlgani maʼlum. General Chernyayev Hakimxoʻja qozikalon, Abulqosimjon eshon, Domulla Solihbek, Oxun dadho va boshqa shahar kattalari bilan maxsus majlis oʻtkazadi. Unda savdogarlar va sardorlar ham qatnashadi. Muzokara yakunida tinchlik sulhi tuziladi va har ikki tomon bitimga imzo chekdi. Soʻngra bosqinchi generali ayyorlikda davom etib, shahar kattalariga duxoba va zar yoqali chakmonlar kiydirdi.

Shu tariqa Toshkentning rus davlatiga taslim boʻlishi haqidagi hujjat rasmiy ravishda qabul qilindi. Aslida esa bu tinchlik sulhi emas, qullik bitimi edi.

Baʼzida shahar peshvolari bu bitimni tuzishga shoshmasalar boʻlarmidi, degan oʻy ham kechadi. Negaki, hali toshkentliklarda kurash shavqi, yanayam aniqrogʻi, kurash alangani hali soʻnmagan edi-da.

Vatan oʻz qahramonlarini unutmagani kabi xoinlarni ham aslo esdan chiqarmaydi, yuz yillardan keyin boʻlsayam tarixning koʻmilib ketgan qatlari orasidan tortqilab chiqarib olaveradi.

Balki yurtsotarlar boʻlmaganida edi, bosqinchilar uchun Vatanimiz ichiga chuqur kirishlari uchun yoʻl yopilgan boʻlarmidi…

Balki yurtsotarlar boʻlmaganida edi, goʻzal Turkistonimiz 130-yillik istibdodga tushib qolmagan boʻlarmidi…

Albatta, shunday boʻlgan boʻlar edi…

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!