Sanoat zonalarida tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarining sotilishi

Sanoat zonalarida tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarining sotilishi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan sanoat zonalarida tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarining sotilishi tahlil qilindi.

Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha jami 766 ta sanoat zonasi faoliyat yuritayapti. Ularning 24 tasi erkin iqtisodiy zona, 210 tasi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi va 532 tasi kichik sanoat zonasi. Sanoat zonalarida investisiya loyihalari uchun jami ajratilgan 11,9 ming gektar yerning 6,4 ming gektariga ishlab chiqarish loyihalari joylashtirilgan.

Sanoat zonalarida yer uchastkalarining ijara huquqi asosidagi elektron onlayn auksion savdosi tahlili qo‘yidagi natijalarni berdi:

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalarda: 2023-yil mobaynida jami 213 lotdan iborat maydoni 778,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 81,5 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan va 101,2 mlrd. so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,24 marotaba ko‘p) sotilgan. Eng ko‘p yer uchastkalari Toshkent – 64 ta (30 foiz), Samarqand – 58 ta (27,2 foiz) viloyatlarida sotilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida yer auksion savdolariga chiqarilmagan.

Kichik sanoat zonalarida: respublika bo‘yicha mavjud 532 ta KSZ hududidan 2 821 ta lotdan iborat, maydoni 604,2 gektar bo‘lgan yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan, 1 541 ta lot (54,6 foiz) 85,8 mlrd. so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,34 marotaba ko‘p) auksionda sotilgan. Auksion savdolariga eng ko‘p lotlar Farg‘ona – 586 ta (20,7 foiz), Sirdaryo – 343 ta (12,1 foiz), Navoiy – 292 ta (10,3 foiz) viloyatlarida chiqarilgan bo‘lsa, eng ko‘p yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 169 ta (10,9 foiz) va Farg‘ona – 257 ta (16,7 foiz), Navoiy – 236 ta (15,3 foiz) viloyatlarida sotilgan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida: 2023-yil mobaynida jami 1 071 ta lotdan iborat, maydoni 82,6 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 23,2 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan va 527 ta (49,2 foiz) lot 15,3 mlrd. so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,34 marotaba ko‘p) sotilgan. Auksion savdolariga eng ko‘p yer uchastkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 165 ta (15,4 foiz), Xorazm – 226 ta (21,1 foiz), Buxoro – 177 ta (16,5 foiz) viloyatlarida chiqarilgan bo‘lsa, Andijon va Namangan viloyalarida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridan yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilmagan.

Sanoat zonalariga ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotishni yanada jadallashtirish maqsadida quyidagilar taklif qilinadi:

➖ Yagona direksiyalarning vakolatlari, huquq va majburiyatlarini me’yoriy-huquqiy hujjat bilan tartibga solish uchun Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 134-son qaroriga o‘zgartirish kiritish;

➖ Kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi ishtirokchilar uchun ularning o‘ziga biriktirilgan yer uchastkalarida qurilgan bino va inshootlarni garov ta’minoti sifatida banklarga taqdim etish va kredit olish imkoniyatini yaratish;

➖ Kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 3 va 5 yillik faoliyati davomida muqaddam yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq bajargan tadbirkorlik sub’yektlariga o‘ziga biriktirilgan bino va inshootlar hamda yer uchastkalarini xususiylashtirish yuzasidan alohida tartibi ishlab chiqish.

Batafsil