Tomorqa yerlaridan samarali foydalanishda autsorsing qanday ahamiyatga ega?

Tomorqa yerlaridan samarali foydalanishda autsorsing qanday ahamiyatga ega?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda tomorqa yerlariga sifatli autsorsing xizmati ko‘rsatish darajasini tahlil qildi.

Tomorqa autsorsingi – bu tomorqadan foydalanishda ishlab chiqarishning bir qismini boshqa ixtisoslashgan tashkilotga berish orqali sifatga erishish bo‘lib, bunday tizim rivojlangan mamlakatlarda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Germaniyada qariyb 500 mingta kichik tomorqa (Kleingarten) mavjud bo‘lib, ularga ko‘rsatiladigan autsorsing xizmati hajmi 15 milliard yevroni tashkil qiladi. Autsorsing xizmati an’anaviy bog‘lar va sabzavotchilik yo‘nalishida ommalashib bormoqda.

National Allotment Society London Branch – Angliyadagi yirik tomorqa xo‘jaliklari uyushmasining filiali, asosan tabiiy xilma-xillikni asrashga xizmat qiladi. Ushbu uyushma Londondagi 740 dan ortiq kichik yer egalari hamda 40 mingta alohida tomorqaga xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda 4,9 millionta tomorqa xo‘jaligida 741,2 ming gektar yer resursi mavjud bo‘lib, buning 402,1 ming gektari bevosita hovlida joylashgan. Bu tomorqa yerlarida yalpi dehqonchilik mahsulotlarining 37,9 foizi, yalpi chorvachilik mahsulotlarining 88,4 foizi yetishtiriladi. Tomorqa xo‘jaliklarining 766,8 mingtasi (15,4 foiz) shaharlarda joylashgan bo‘lib, ularning tasarrufida 48 ming gektar (6,5 foiz) yer resursi bor.

MHTI ekspertlari aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish uchun qay darajada ko‘mak va maslahat shaklidigi xizmatlar ko‘rsatilayotganini o‘rganish maqsadida so‘rov o‘tkazdi va unda Buxoro, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi 239 nafar tomorqa egasi ishtirok etdi.

So‘rov natijalari quyidagicha bo‘ldi:

1. Tomorqadan qancha daromad olasiz, degan savolga respondentlarning 33,4 foizi 3-4 mln. so‘mgacha, 16,4 foizi 5-7 mln. so‘mgacha, 16,5 foizi 8-10 mln. so‘mgacha, 24,1 foizi 15-25 mln. so‘mgacha, deb javob bergan.

2. Tomorqa xizmatini ko‘rsatish (yer haydash, ekin ekish, mevali daraxt ekish, chorva boqish) uchun pul to‘lay olasizmi, degan savolga repondentlarning 63,2 foizi ha, 27,1 foizi yo‘q, 9,7 foizi tomorqadan sherikchilik asosida hosil olmoqchiman, deb javob bergan.

3. Tomorqa xizmatini ko‘rsatish uchun qancha pul to‘lay olasiz, degan savolga respondentlarning 48,1 foizi 200 ming so‘mgacha, 11,8 foizi 300 ming so‘mgacha, 6,8 foizi 500 ming so‘mgacha, 13,9 foizi 1 mln. so‘mgacha, deb javob bergan. So‘rovda qatnashganlarning 11,3 foizi olingan hosilning bir qismini berish orqali autsorsing xizmatidan foydalanishi mumkinligini bildirgan.

Batafsil