Tabrizda 20 yoshli qiz vazirlikka chaqirtirilganidan so‘ng shubhali tarzda vafot etdi

Tabrizda 20 yoshli qiz vazirlikka chaqirtirilganidan so‘ng shubhali tarzda vafot etdi

Eronda sobiq siyosiy mahbus, 20 yoshli Sara Tabriziy Eron Axborot, razvedka va xavfsizlik vazirligiga chaqirtirilganidan keyin shubhali tarzda vafot etdi. Bu haqda kecha, 28 mart kuni «Iran International» nashri ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, u oliy yetakchi Oyatulloh Ali Homanaiyni haqorat qilish, qalbaki hujjatlar va birovning pasportidan foydalanish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Tabriziy hayotining so‘nggi haftalarida Eron hukumati xavfsizlik agentlari tomonidan qattiq ruhiy bosimga uchragan va o‘limidan bir kun oldin Eronning mashhur josuslik vazirligiga chaqirilgan. U Tehron inqilobiy sudida taniqli sudya Imon Afshariy tomonidan sud qilingan. 2023 yilning oktyabr-noyabr oylarida va joriy yilning yanvarida qamoqda o‘tirgan.

16 noyabr kuni Tabriziy Angliyaga ketayotganida Tehron xalqaro aeroportidada xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan. U Razvedka vazirligiga qarashli, Nobel mukofoti sovrindori Nargis Muhammadiy saqlanayotgan Evin qamoqxonasining 29-bo‘limiga yuborilgan. Taxminan o‘n kunlik so‘roqdan so‘ng, u 10 milliard rial (20 ming dollar) garov evaziga ozod qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tabriziy hibsning dastlabki uch kunini bir kishilik kamerada o‘tkazishga majbur bo‘lgan, oqibatda qizning qon bosimi oshgan va yurak urishi tezlashgan. Keyinchalik uni Evin qamoqxonasidagi uch kishilik kameraga o‘tkazishgan.

Tabriziy joriy yilning 8 yanvar kuni yana bir bor chaqirilib, hibsga olingan. Bu safar 20 milliard rial (40 ming dollar) garov evaziga ozod qilingan.

Eronning yuridik tibbiyot tashkiloti Tabriziyning oilasiga xavfsizlik xodimlari ishtirokida taqdim etgan rasmiy hisobotida uning o‘limiga hab dori qabul qilish sabab bo‘lganini bildirgan. Uning oilasi qizning jasadidan hech qanday dori iste’mol qilish alomatlari yo‘qligini aytgan.

«U o‘z joniga qasd qilganmi, insult bo‘lganmi yoki davlat xodimlari tomonidan o‘ldirilganmi, biz bilmaymiz”, degan qizning yaqinlari.