Germaniyada “Oʻzbekiston – Ipak yoʻlining durdonasi” nomli kitob albom nashr etildi

Germaniyada “Oʻzbekiston – Ipak yoʻlining durdonasi” nomli kitob albom nashr etildi

Germaniyaning “Mannheimer Morgen” gazetasida haydelberglik fotograf, “cct: werbeagentur” kompaniyasi rahbari Tamara fon Rexenbergning “Oʻzbekiston – Ipak yoʻli durdonasi” nomli kitob albomi nashr etilgani haqida maqola chop etildi.

Maqola muallifi Mixael Rossnerning qayd etishicha, fotograf Osiyo va Janubiy Amerika qitʼalarining koʻplab mamlakatlariga safar qilgan. Turli madaniyat va landshaftlarga boʻlgan yuqori qiziqish uni 2019-yilda Oʻzbekiston tomon chorladi. Sayohati davomida ushbu sehrli diyor taassurotlaridan ilhomlangan haydelberglik tadbirkor oʻzi olgan suratlarni kitob holida chop etishga qaror qiladi.

Maʼlum qilinishicha, Tamara Rexenbergning “Oʻzbekiston – Ipak yoʻli durdonasi” kitob albomi “abc-Verlag Heidelberg” nashriyoti tomonidan bosilgan. 224 sahifali yuqori sifatli suratlardan iborat ushbu kitob matnlari nemis va ingliz tillarida bitilgan. Bu esa kitob oʻquvchilari sonining koʻpayishi va muallifning oʻz ishini xalqaro miqyosda keng ommaga taqdim etishidan dalolat beradi.

“Koʻplab doʻstlarim va tanishlarim Oʻzbekistonga juda qiziqishadi, lekin mamlakatning tabiati, goʻzalligi va odamlari haqida afsuski yetarlicha bilishmaydi. Men suratlarim, mamlakat haqida toʻplagan maʼlumotlar va Oʻzbekistonga uyushtiradigan kichik turistik guruhlar ishtirokidagi turlar orqali odamlarni ushbu mamlakatga borishga undayman”, – deya kitob muallifi fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

Materialda yozilishicha, nemis fotografi Oʻzbekistondagi YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida boʻlgan. Qizilqum choʻli, Fargʻona vodiysi va Toshkentga sayohat qilgan.

“Kitob Ipak yoʻlida joylashgan serquyosh diyorning turli tarixiy goʻshalaridan olingan suratlar bilan boyitilgan. Undagi maftunkor suratlar ushbu ertaknamo mamlakatning madaniy merosi, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi”, – deb taʼkidlaydi nashr muxbiri.

Qayd etilishicha, kitob muallifi Tamara fon Rexenbergning 35-yillik “cct: werbeagentur” kompaniyasidagi rahbarlik faoliyati unga 3D-dizayn, kino va fotografiya sohasida tajribali mutaxassis boʻlishi bilan birga ishbilarmon ayol maqomini bergan.

“Kitobdan joy olgan suratlarning muhim jihati shundaki, ular nemis aholisini Oʻzbekistonga sayohatga taklif qiluvchi maʼlumotlar bilan boyitilgan. Mazkur kitob mamlakatga sayyohlarni chorlash bilan bir qatorda, uning turizm salohiyatini namoyish etadi”, – deb yozilgan “Mannheimer Morgen” gazetasida bosilgan maqola xulosasida.