JSST diagnostika boʻyicha yangi qoʻllanmani nashr etdi

JSST diagnostika boʻyicha yangi qoʻllanmani nashr etdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yangi keng qamrovli “KXT-11 (Kasalliklarning xalqaro tasnifi)ga kiritilgan ruhiy, xulq-atvor va neyroontogenetik buzilishlar borasida klinik tavsiflar va diagnostika talablari” qoʻllanmasini nashr etdi.

Ushbu qoʻllanma eng soʻnggi ilmiy maʼlumotlar va ilgʻor klinik amaliyotlar asosida yaratilgan. U psixiatrik va boshqa yoʻnalishlardagi tibbiyot muassasalarining malakali mutaxassislariga ruhiy, xulq-atvor va nerv tizimi buzilishlarini aniqlash va tashxislashda koʻmaklashish uchun moʻljallangan.

Undan ruhiy salomatlik sohasidagi mutaxassislar va ixtisoslashmagan malakali tibbiyot xodimlari, xususan, birlamchi tibbiy yordam shifokorlari foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, hamshiralar, ergoterapevtlar va ijtimoiy ishchilar, tashxis qoʻyish bilan shugʻullanmasalarda, ruhiy, xulq-atvor va neyroontogenetik buzilishlarning tabiati va simptomatikasini yaxshi bilishlari lozim. Shu sababdan, qoʻllanma ular uchun ham foydali boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, JSST tomonidan ishlab chiqilgan oʻn birinchi qayta koʻrib chiqishdagi Kasalliklarning xalqaro tasnifi (KXT-11) sogʻliq bilan bogʻliq muammolarni qayd etish va hisobga olishning global standarti hisoblanadi. U butun dunyodagi tibbiyot mutaxassislariga standartlashtirilgan nomenklaturadan va salomatlik muammolarini tavsiflash uchun umumiy asosdan foydalanish imkonini beradi. KXT-11 Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi tomonidan 2019-yilda tasdiqlangan va 2022-yilda rasman kuchga kirgan.