Ayni kunlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri gastrol safari bilan Qirg‘izistonda bo‘lib turibdi

Ayni kunlarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri gastrol safari bilan Qirg‘izistonda bo‘lib turibdi


“Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan milliy opera va balet san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasining xorijiy davlatlarga har yili kamida ikki marta gastrol safarlari tashkil etilishi belgilangan.Ushbu qarorga asosan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan rejaga binoan xorijiy gastrol safarlarini tashkil etib kelmoqda.
Jumladan 2022-yilda Koreya Respublikasining Tegu, Pusan, Kochang, Pxyontxek shaharlari bo‘ylab hamda Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida, shuningdek, 2023-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahriga, Qozog‘iston Respublikasining Astana shahrida va Belarus Respublikasining Minsk shahrida xorijiy gastrol safarlari amalga oshirilgan.
2024-yilda esa Qirg‘iziston, Turkiya va Italiya Respublikalariga xorijiy gastrol safarlari rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda 2024-yilning ilk xorijiy gastrol safari Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tmoqda. Unda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining 150 nafarga yaqin xodimlari ishtirok etishmoqda.
Shu munosabat bilan Abdilas Maldiboyev nomidagi Qirg‘iziston Milliy akademik opera va balet teatrida:
13-mart kuni Hamza Hakimzoda Niyoziy asari asosidagi Sulaymon Yudakovning «Maysaraning ishi» milliy komedik operasi;
14-mart kuni esa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri yetakchi solistlari hamda simfonik orkestri ishtirokida katta Gala-konsert bo‘lib o‘tadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng ilk marotaba xorij sahnasida «Maysaraning ishi» milliy komedik operasi namoyish etilmoqda.
Ushbu opera O‘zbekiston musiqa san’ati tarixida alohida o‘rin tutadi.
«Maysaraning ishi» milliy komedik operasi 1959 yili rejissyor Vladimir Kandelaki tomonidan sahnalashtirilib, birinchi premerasi Alisher Navoiy nomidagi Opera va Balet Katta teatrinig sahnasida bo‘lib o‘tgan.
2003 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Haydarali Qosimov ushbu asarni qayta sahnalashtirib tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi. Ushbu asar bugungi kunda ham milliy ruhda yozilgan eng sara opera asari sifatida tomoshabinlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda.


Gastrol safarining 2 kunida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri yetakchi solistlari hamda simfonik orkestri ishtirokida katta Gala-konsert ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda:


1. Mirsodiq Tojiyevning “Bayram uvertyurasi” orkestr ijro etadi.
2. V.A.Motsartning “Don Juann” operasidan Leporelloning 2-ariyasi, Kamoliddin Muhammadiyev ijro etadi.
3. Jyul Masne «Verter» operasidan Verter ariozosi, Umid Isroilov ijro etadi.
4. Leo Delib «Ispancha bolero», Lenara Zakirova ijro etadi.
5. Djoakino Rossini «Sevilya sartaroshi» operasidan Figaro kavatinasi, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» Berdishukur Gʻofurov ijro etadi.


6. Djuzeppe Verdi «Taqdir kuchi» operasidan “Pace, pace, mio Dio!”, Saida Mamadaliyeva ijro etadi.
7. Djakomo Puchchini “Toska” operasilan Kavaradossi ariyasi, “O‘zbekiston xalq artisti”, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori Ramiz Usmonov ijro etadi.
8. Rimskiy-Korsakov «Shoh qaylig‘i» operasidan Gryaznoy ariyasi Mahmud Ro‘ziyev ijro etadi.
9. Rimskiy-Korsakov «Shoh qaylig‘i» operasidan Uvertyura orkestr ijro etadi.
10. P.I. Chaykovskiyning “Yevgeniy Onegin” operasidan Lenskiy ariyasi “O‘zbekiston xalq artisti” Samandar Alimov ijro etadi.


11. P.I. Chaykovskiyning “Iolanta” operasidan Roberto ariyasi Nosir Yusupov ijro etadi.
12. L.Arditi “Il bacio” Gulmira Nurmetova ijro etadi.
13. G.Puchchinining “Turandot” operasidan Kalaf ariyasi O‘zbekistonda xizmat kursatgan artist” Ne’mat Xabibov ijro etadi.


14. Sulaymon Yudakov «Alyor» tantanali qo‘shiq.
Xor jamoasi ijro etadi.
15. F.Chilea «Adriana Lekuvriyer» operasidan Malika De Buyon ariyasi, Aziza Muhamedova ijro etadi.16. Sharl Guno “Faust” operasidan Mefistofel kupletlari, Jabrail Idrisov ijro etadi.

Malohat Artiqova