Senatning elliginchi yalpi majlisi 9-fevral kuni chaqiriladi

Senatning elliginchi yalpi majlisi 9-fevral kuni chaqiriladi

 Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda Senatning elliginchi yalpi majlisini 2024-yil 9-fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, navbatdagi yalpi majlis kun tartibidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi hamda “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish toʻgʻrisidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham oʻrin olgan.

Shu bilan birga, senatorlar 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2024-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash, Andijon viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi, Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati haqidagi masalalarni ham koʻrib chiqadi.