Shaharlarda xizmatlar sohasining rivojlanishi tahlli etildi

Shaharlarda xizmatlar sohasining rivojlanishi tahlli etildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari shaharlarda xizmatlar sohasining rivojlanish holatini tahlil qilishdi.

Infratuzilma va kommunikatsiya imkoniyatlarining yuqori bo‘lishi, korxonalar va aholining markazga intilishi tufayli shaharlar mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining katta qismini ta’minlaydi. Masalan, Buyuk Britaniya xizmat ko‘rsatish sektori eksportining deyarli yarmi London hissasiga to‘g‘ri kelib, shaharning ulushi 2016-2021 yillar oralig‘ida 38% dan 46% gacha oshgan.

O‘zbekistonda 2023-yilda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 470,3 trln. so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 113,7% bo‘ldi. Bunda respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi (32 ta) shaharlar jami ko‘rsatilgan xizmatlarning 62,1% ini (292,2 trln. so‘m) ta’minlagan. Bu shaharlarda ko‘rsatilgan xizmatlarning 66,1% i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi Toshkent (64,4 mln so‘m), Urganch (33,2 mln so‘m) va Navoiy (30,6 mln so‘m) shaharlarida eng yuqori qiymatlarni tashkil etgan bo‘lsa, Quvasoy (5,6 mln so‘m), Xiva (6,7 mln so‘m), Shahrisabz (6,8 mln so‘m) va Kattaqo‘rg‘on (6,9 mln so‘m) shaharlari bu reytingda oxirgi o‘rinlardan joy oladi.

Ta’kidlash lozimki, Toshkentning xizmatlar sohasidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida Toshkent shahrining ulushi 2019-yilgi 33,9% (65,8 trln. so‘m) dan 2023-yilda 41,1% (193,2 trln. so‘m) ga yetdi.

So‘nggi 5 yillikda Xiva (2,4 barobar), Guliston (2,3 barobar), Toshkent, Jizzax va Navoiy shaharlari (har birida 2,2 barobar) xizmatlar hajmining o‘sishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. O‘sishning eng past ko‘rsatkichlari Ohangaron (1,3 barobar), Yangiyo‘l (1,4 barobar), Bekobod, Yangiyer va Kattaqo‘rg‘on (har birida 1,5 barobar) shaharlarida kuzatildi.

Shaharlarda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi oshib borayotgan bo‘lsa-da, Toshkentda xizmatlarning konsentratsiya darajasi ortib bormoqda. Buni shaharlarning sohadagi ulushining qisqarib borayotganida ko‘rishimiz mumkin. Xizmatlar ulushining kamayishi markaziy shaharlarda (Nukus shahri va viloyatlarning ma’muriy markazlari) boshqalariga qaraganda ko‘proq sezilgan. Jumladan, so‘nggi 5 yillikda mamlakat bo‘yicha jami xizmatlar hajmida markaziy shaharlarning ulushi 3,1 foiz bandga (19,2% dan 16,1% ga) kamaygan bo‘lsa, markaziy bo‘lmagan shaharlarda 0,2 foiz bandga kamaygan (5,2% dan 5,0% ga).

“Millionlik shaharlar”ga aylantirish maqsad qilingan Samarqand va Namangan shaharlarining mamlakatda ko‘rsatilgan jami xizmatlardagi ulushi so‘nggi 5 yillikda sezilarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, 2022-yilga nisbatan kichik kamayish kuzatilgan.

Zamonaviy shaharlarda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i hisoblanadi. Shunday ekan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida maqsad qilingan urbanizatsiya darajasini 51% dan 60% ga oshirishda shaharlarda xizmatlar sohasini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, shaharlarda zamonaviy bozor xizmatlari, IT, ta’lim, tibbiyot, yuridik, san’at, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirishni talab etadi.