Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda Sirdaryoda soliqchi, Namanganda soliqchi va majburiy ijro byurosi, Jizzaxda advokat pora bilan qoʻlga tushdi.
Jumladan, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻlimi bosh inspektori Guliston shahrida faoliyat yurituvchi 3 ta MCHJning soliq qarzlarini, ushbu MCHJlarni soddalashtirilgan tartibda bankrot, deb topish yoʻli bilan bartaraf qilib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning 2023 va 2024-yillar uchun yer soligʻidan aniqlangan 11 mln. 200 ming soʻm miqdoridagi qarzdorligini bartaraf qilib berish evaziga 7 mln. soʻm, shuningdek, ushbu fermer xoʻjalik rahbarining tanishiga tegishli noturar joyning mol-mulk va yer soliqlaridan boʻlgan 55 mln. 100 ming soʻm qarzdorligini ham toʻliq bartaraf qilib berish evaziga 28 mln. soʻm talab qiladi. U talab qilingan jami 35 mln. soʻm pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi meva-sabzavot saqlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatga sovitish ombori qurish va unga zarur boʻladigan agregatlar sotib olish uchun 2023-yilning yanvar oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 170 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratiladi. Ammo, olingan kreditni toʻlash davrida 3 oylik qarzdorlik yuzaga kelib, uni undirish maqsadida bank tomonidan Majburiy ijro byurosining Uchqoʻrgʻon tuman boʻlimiga murojaat qilinadi.
Shundan soʻng, MCHJ tomonidan kredit qarzdorligi toʻlansada, byuroning 2 nafar davlat ijrochisi MCHJ rahbarini aldab, goʻyoki tuman prokuraturasi tomonidan kredit mablagʻi maqsadsiz sarflanganligi holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligini aytib, uni javobgarlikka tortilmasligiga yordam berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilishadi. MIB Uchqoʻrgʻon tuman boʻlimining davlat ijrochilari soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ushlandi.
Jizzax shahridagi advokatlar hayʼati advokati Jinoyat Kodeksining 165- va boshqa moddalari bilan ayblanib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan oʻz himoyasidagi sudlanuvchiga nisbatan, sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlatib berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslaring barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.