Respublikada turizmni rivojlantirish juda katta iqtisodiy samara berishi barchaga ayon. Turizm rivojida esa gidlarning ahamiyati katta. Gidlar sayyohlarga mamlakatimizdagi tarixiy obidalar, tarixiy shaxslar, davlatning hududiy va ma’muriy tuzilishi, shuningdek, urf-odatlar va an’analar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi shaxsdir.
Butunjahon gidlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “VII O‘zbekiston gidlari xalqaro forumi – 2024”da ta’kidlanishicha, o‘tgan 2023 yil 30 noyabrda gid-tarjimonlar uchun muhim bo‘lgan hukumat qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur hujjat bilan gid-tarjimonlarga malaka sertifikatlarni berish bo‘yicha davlat xizmatini amalga oshirish reglamenti tasdiqlangan. Endilikda gid-tarjimonlarga malaka sertifikatini oshirish uchun ariza hamda malaka imtihonlarini o‘z hududida topshirish imkoniyati yaratildi.
Aksariyat holatlarda gidlarning faoliyati mavsumiy hisoblanadi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, mavsum past bo‘lgan vaqtlarda gidlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida bildirishnoma yuborgan holda soliq idoralarini ogohlantirishi mumkin. Bunda mehnat faoliyati amalga oshirilmaydigan davrda ijtimoiy soliqni to‘lash to‘xtatib turiladi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot starategiyasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida ham mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda respublikaga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
– Birinchi navbatda turistik salohiyatni o‘rganishimiz, yangi turistik ob’ektlarni topishimiz kerak deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratbay Sharipov. – Mavjud materiallarni 12 ta tilga tarjima qilish lozim. Kelajakda har qanday turistga yuqori, sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish kerak. Ya’ni, gidlar bilan biz “qo‘lni-qo‘lga berib” ishlashimiz kerak. Lekin, afsus gidlar har xil ma’lumot beradi. Shuning uchun OTM larda ham Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan uslubiy qo‘llanmalar bo‘lishi kerak va zarur ma’lumotlarni otmlar ham tarqatishi kerak.
Qayd etilishicha, gidlarning yetishmasligi O‘zbekistonda eng katta muammolardan biri bo‘lib kelgan.
– Tarixiy obidalarga gid bilan tashrif buyurgan boshqa, o‘zi sayohat qilgan boshqa deydi Turizmni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Barno Mammetova.– Sohada faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan gidlarga qo‘yiladigan talablar bor. Eng avvalo gidlar, albatta 2-3 ta xorijiy tilni bilishi kerak. Zero bizda ichki sayyohlardan tashqari, tashqi sayyohlar ham bor. Ular albatta chet tili bilan birgalikda va tarixni ham mukammal o‘zlashtirishi lozim. Bugun O‘zbekiston bo‘ylab 2,5 ming nafarga yaqin gid faoliyat olib boradi. Ammo ularning barchasi ham sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatadi deb ayta olmaymiz. Shuni unutmaslik keraki, aynan gid xizmati turizm sifatini belgilab beruvchi omillardan biri hisoblanadi. Mamlakat tarixini xorijiy tillarda ham qiziqarli qilib yetkaza oladigan va barchani birdek jalb qila oladigan gidlarga hamisha talab yuqori.
Shuningdek, mamlakatimizda 1 ming 300 ga yaqin ziyoratgoh bor. Ta’kidlanganidek, ayniqsa ziyorat maqsadida kelgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmaydi. Bunda esa malakali mutaxassislar va gidlarning xizmati katta.