Britaniya harbiylari Plimut shahrida topilgan Ikkinchi jahon urushi davrida portlamay qolgan bombani keyinchalik utilizatsiya qilish uchun dengizga tashladi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 1940 yilning iyulida nemis bombardimonchilari nishonga olgan Plimutdagi uyning bog‘ida 500 kilogrammli bomba topilgan.
Ta’kidlanishicha, bomba tashlangan hudud atrofida 300 metr uzunlikda to‘siq yaratilgan. Portlamagan bomba joylashgan shahar ko‘chalari bo‘ylab 2,3 kilometr masofaga olib o‘tilgan. Poyezdlar va avtobuslar harakati to‘xtatilgan.
Bomba maxsus operatsiya yordamida zararsizlantirildi. Shundan so‘ng, uy atrofidagi xavfsizlik kordoni olib tashlandi va evakuatsiya qilingan aholiga uylariga qaytishga ruxsat berildi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya doirasida avvalroq Keyxem va Devonport qismlarining 10 ming aholisi evakuatsiya qilingan.
Bu Ikkinchi jahon urushidagi portlamay qolgan nemis bombasini olib tashlash bo‘yicha eng yirik operatsiyalardan biri ekanligi ma’lum qilingan.