Prezident Shavkat Mirziyoyevning 4-yanvardagi farmoni bilan 2024-yildan O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish loyihasi ishga tushiriladi. (https://lex.uz/pdfs/6732832)
Yangi tizim 2024−2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonchalarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bu hududlarda chiqindilarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi.
Sanitar tozalash korxonalari 1-iyulgacha mazkur hududlar fuqarolariga QR-kodli, uch turdagi: qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — rangsiz (shaffof), qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — qora, oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang rangli chiqindi paketlarini bepul taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Farmon bilan, qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinishi belgilandi.