#ona_tilim_faxrim
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan vazir tabrigi
Hurmatli vatandoshlar, talabalar, aziz doʻstlar!
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi nomidan barchangizni jonajon yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan chin koʻngildan qutlayman.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish borasidagi xayrli ishlar keng koʻlamda olib borilmoqda. Keyingi yillarda ona tilimiz nufuzli xalqaro anjumanlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan doimiy ravishda yangrab kelayotgani, dunyoda ona tilimizni oʻrganishga intilayotgan insonlar safining tobora kengayayotgani barchamizga gʻurur-iftixor baxsh etadi.