Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida»gi farmoni imzolandi.
Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinadi. Jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, vatanimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 79-yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsad qilindi.
Farmonga binaoan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 000 000 (yigirma million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi. Mazkur sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.