Namangan viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Hodisa joriy yilning 20 aprel kuni soat 18:40 larda sodir bo‘lgan. Yangi Namangan tumanidagi maktabning 11-sinfida o‘qiydigan 17 yoshli yigit tog‘asining Lacetti rusumli avtomobilida harakatlanib ketayotganda, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi qismiga o‘tib ketgan.
Harakat xavfsizligini ta’minlay olmagan maktab o‘quvchisi yo‘lning chap tomonida turgan ikki nafar talabani urib yuborgan. Ular Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidan bo‘lib, Namangan muhandislik-qurilish institutida tahsil olgan.
Jabrlanuvchilardan biri shifoxonada vafot etgan, ikkinchisi esa yengil jarohat olgan.