Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Ushbu anjumanning nufuzi va koʻlami tobora oshib bormoqda. 2022-yilda oʻtgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan boʻlsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2 ming 500 kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YETTB, OPEK, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.
Shu bois forumga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda barcha tashkiliy chora-tadbirlar koʻrildi.
Forum mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini koʻrsatish hamda oʻzaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar koʻp. Jumladan, shoʻba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yigʻilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizdagi qator loyihalarni ishga tushirish marosimi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini toʻla namoyon etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
3-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham oʻtkaziladi.
Maʼlumki, ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda, Oʻzbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar koʻrib chiqiladi.