“Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat Qarori (213-son, 17.04.2024 y) qabul qilindi.
Unga koʻra, Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga oʻqitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazini (Markaz) tashkil etiladi.
Professional taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilarni kasb (mutaxassislik) va chet tillariga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi Xorijda ishlash istagi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi.
Oʻquv kurslarida kadrlarni tayyorlash bir yilgacha boʻlgan taʼlim dasturlariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Oʻquv kurslari doirasida taʼlim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori boʻlgan chet tillariga oʻqitiladi.
Professional taʼlim muassasalariga jalb etilgan taʼlim oluvchilar chet tilini mustaqil ravishda oʻrganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etgan taqdirda, taʼlim oluvchi tomonidan chet tilini oʻqish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan qismi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda xorijiy davlatga ishga jalb qilinadigan fuqarolar uchun chet tili boʻyicha kamida B2 darajadagi, “Ausbildung” (dual taʼlim shakli) asosida xorijga ketadigan fuqarolar uchun nemis tili boʻyicha kamida B1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olish talab etiladi.
Oʻquv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama toʻlanadi.