Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalarini tahlil qildi.
2017-2023 yillarda davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘lar qariyb 3,9 barobar oshdi. Agar xarajatlar 2017-yilda 7330 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 28 426 milliard so‘mga yetdi va davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 22 foizni tashkil qildi.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi korxona va tashkilotlarning umumiy soni 2017-yildagiga nisbatan 1,9 barobar oshdi va 11031 taga yetdi.
Faoliyat yuritayotgan davlat ambulatoriya-poliklinika muassasalari soni 2696 tani tashkil etadi. Ular bir smenada 354738 qatnov quvvatiga ega. Har 10 000 kishiga 98,5 qatnov to‘g‘ri keladi.
Davlat tasarrufidagi shifoxonalar soni 573 taga yetdi. Ularda 124101 ta o‘rin mavjud. Har 10 000 kishiga 33,7 qatnov to‘g‘ri keladi. Bir bemor o‘rtacha 6,3 kun ichida davolanib chiqadi.
Sohaning mutaxassislar bilan ta’minlanish darajasi yaxshilanib bormoqda. Bugun har 10 000 kishiga 22,3 nafar shifokor va 99,4 nafar o‘rta tibbiyot xodimi to‘g‘ri keladi.
O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2017-yildagi 73,7 yoshdan 2022-yilda 74,7 yoshga ko‘tarildi. 2017-2023 yillar oralig‘ida o‘limning umumiy koeffisiyenti 5,0 promilledan 4,7 promillega, yuqumli va parazitar kasalliklar tufayli o‘lim darajasi 1,7 foizdan 1,3 foizga, ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari tufayli o‘lim darajasi 5,7 foizdan 4,1 foizga, shuningdek, mehnatga layoqatli yoshdagilar o‘limi 27,6 foizdan 24,6 foizgacha kamaydi.
O‘zbekistonda tibbiyot turizmining rivojlanishi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning sezilarli natijasi bo‘ldi. Agar 2017-yilda O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan sayyohlar soni 28,7 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 63,3 ming nafarga yetdi.
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish doirasida mamlakatimizda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urta tizimi joriy etildi.
Aholi salomatligini ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan:
➖ tibbiy sug‘urta tizimi bilan aholini 100 foiz qamrab olish;
➖ 2023–2025 yillarda “Elektron resept” (reimbursatsiya) tizimini joriy etish;
➖ sanatoriylarga yo‘llanma olish;
➖ navbatni kuzatish va bo‘sh o‘rinlarni ko‘rish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;
➖ onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritish uchun mo‘ljallangan “Cancyer-registr” axborot tizimini joriy etish;
➖ ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish rejalashtirilgan.