Prezident raisligida toʻqimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Yigʻilishda Toʻqimachilik uyushmasi faoliyatini ham faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Klasterlar uyushmasi va Toʻqimachilik uyushmasini birlashtirib, yagona «xom ashyodan tayyor mahsulotgacha» tizimini yaratish taklif qilindi.
Sohadagi muammolarni tadbirkordan yaxshi biladigan odam yoʻqligi bois, uyushmani toʻqimachilikning har bir yoʻnalishidagi tadbirkorlardan iborat kengash boshqaradi.
Uyushma klasterlar va toʻqimachilik korxonalariga mahsulot, investitsiya, eksport va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga koʻmaklashishi, brendlar bilan ishlashning yaxlit tizimini yoʻlga qoʻyishi, xalqaro sertifikatlarga ega eksportchilar sonini oshirishi, yetakchi sorsing, brend va riteylerlarni jalb qilishi, Yevropa davlatlarida keng qamrovli targʻibot tadbirlarini oʻtkazishi muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, klasterlarda ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida ularda tadqiqot (R&D) guruhlarini tashkil etish taklif etildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tadbirkorlarning fikrlari va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.