Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tarkibida oltin bo‘lgan ruda toshlarini noqonuniy qazib olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Holat Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Paxtachi tumanida yashovchi G‘.Sh. va K.I. lar tarkibida oltin bo‘lgan ruda toshlarini “Qoraqo‘ton” oltin koni hududidan noqonuniy ravishda qazib olib, yashash manzilida qayta ishlash orqali sof oltin quymalari shakliga keltirgan holda mahalliy fuqaroga 145 grammini 205 mln so‘mga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Holat protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.