“O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri kitobi II va III tomlari taqdimoti o`tkazildi

“O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri kitobi II va III tomlari taqdimoti o`tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimiy ravishda ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va uni birinchi navbatda xalqimizga hamda jahon ahliga yetkazishga katta e’tibor qaratmoqda.
Insoniyat uchun madaniy boylikka aylangan manbalar – ajdodlarimizning asarlari nafaqat Respublikamizda, balki jahonning turli qit’alarida mavjud. Madaniy meros agentligining Badiiy ekspertiza boshqarmasida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni o‘rganish borasidagi olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlari ma’naviy merosimizning umumbashariy madaniy boyliklar sirasida tutgan o‘rnini tadqiq etishga yangi imkoniyatlar yaratmoqda va ushbu sohani yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarmoqda.


Olib borilayotgan tadqiqotlar madaniy boyliklarimiz bir necha yuz yilliklar mobaynida Yer sharining barcha qit’alari – Amerika, Afrika, Yevropa, Osiyo va Avstraliyaga tarqalgani hamda u yerda e’zozlanib saqlanayotganini ko‘rsatdi. Bugungi kunda ushbu meros insoniyatning madaniy boyliklari sifatida jahonning 45 dan ortiq mamlakatdagi turli ilmiy muassasa, muzey, arxiv, kutubxona va jamg‘arma hamda xususiy jamlamalardan o‘rin olgan.
Yurtboshimizning ushbu yo‘nalishda olimlar oldiga qo‘ygan vazifalarning amaliy ijrosi borasida Madaniy meros agentligining ilmiy mahsuli, ajdodlarimizning xorijdagi yozma merosini jamlagan manba – “O‘ZBEKISTONGA OID XORIJDAGI QO‘LYOZMA ASARLAR REYESTRI” kitobining 2- va 3-tomlari chop etildi.
Mazkur kitobning 1-tomi 2021 yilda chop etilgan bo‘lib, jami 3 tom 150dan ortiq alloma va mutafakkirlarning 3159 ta qo‘lyozma asarlar nusxasining ilmiy tavsifidan iborat bo‘lib, unga, shuningdek, diyorimizda yashagan tarjimon, ko‘chiruvchi hamda O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga taalluqli qo‘lyozmalar nusxalariga oid ma’lumotlar kiritilgan.

Ushbu ilmiy tadqiqot ishi “O‘zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reyestrini yaratish, nodir qo‘lyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” loyihasi doirasida tayyorlangan bo‘lib, undagi ma’lumotlar o‘zbek, ingliz va rus tilida taqdim qilingan.
1-tom 30 mamlakatdagi 52 shaharning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Mansur Moturidiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi buyuk alloma va mutafakkirlar oid qo‘lyozma asarlar 1001 ta nusxasining ilmiy tavsifidan iborat.
2-tomda Avstriya Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi, Germaniya Federativ Respublikasi, Italiya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi, Eron Islom Respublikasidagi 37 shaharning 58 ta tashkilot va fondlarida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Lays as-Samarqandiy, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarining 1019 ta qo‘lyozma nusxasining tavsifi berilgan.
3-tomda Afg‘oniston Islom Amirligi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Germaniya Federativ Respublikasi, Gruziya, Iroq Respublikasi, Ispaniya Qirolligi, Isroil Davlati, Italiya Respublikasi, Kanada, Kot-d’Ivuar Respublikasi, Kuvayt Davlati, Mavritaniya Islom Respublikasi, Misr Arab Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Suriya Arab Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Falastin Davlati, Shveysariya Konfederatsiyasi, Eron Islom Respublikasidagi 162 kutubxona, ilmiy muassasalar va fondlarda saqlanayotgan Imom at-Termiziy, al-Hakim at-Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Lays as-Samarqandiy, Badriddin Muhammad Chochiy, Ismat Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Sirojiddin al-O‘shiy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Allohyor, Shavkat Buxoroiy kabi buyuk alloma va mutafakkirlar asarlari qo‘lyozmalarini qamrab olgan 1139 ta nusxasining ilmiy tavsifi berilgan.
3-tomdagi qo‘lyozma asarlarga taalluqli ilmiy tavsiflarda eng ko‘p nusxalarni Imom at-Termiziy qalamiga mansub – 133 ta, Alisher Navoiyning – 132 ta, Abu Ali ibn Sinoning – 121 ta, al-Hakim at-Termiziyning – 113 ta qo‘lyozma nusxasi tashkil etdi. Shuningdek, 3 tomnig barchasida Amir Temur va Temuriylar davriga oid asarlar ham o‘rin olgan.Bugungi kunga qadar Agentlik Badiiy ekspertiza boshqarmasining xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish yo‘nalishidagi tadqiqotlari natijasida 11000 dan ziyod madaniy boylikka oid ma’lumot to‘plandi, ularning taxminan 55 foizini qo‘lyozma asarlar tashkil etmoqda.
Mazkur nashrlar xorijdagi turdosh ilmiy-madaniy muassasalarga, respublikamizdagi OO‘Yu, ITM, shahar va viloyatlarimizdagi barcha kutubxonalar va soha mutaxassislari hamda O‘zR VM huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zR VM huzuridagi Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi tashkilotlarga beg‘araz taqdim etildi.