Joriy yilning 27 mart kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida 28 yoshli ayol o‘zini ko‘p qavatli binoning 5-qavatidan tashlab vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 27 mart kuni soat 21:30larda Bekobod tumani, “Dalvarzin” MFY, Beruniy ko‘chasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan X.N. yashash xonadonining 5-qavatidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan. Shifoxonaga olib borilgan ayol ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.
Voqea joyiga Bekobod tumani prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, tuman IIB boshlig‘i va boshqa tergov-tezkor guruhi a’zolari chiqqan. O‘rganishlar davomida N.X.ning yashash xonadoninidan uning bir dona “Redmi 6A” rusumli telefon apparati olingan. N.X.ning vafoti yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ayol oilali bo‘lib, 2 nafar farzand (6 va 2 yoshli qizlar)ning onasi bo‘lgan va muqaddam sudlanmagan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, marhumaga uch marta, so‘nggi bor 2024 yilning 6 mart kuni himoya orderi berilgan. Unda keltirilishicha, tazyiq o‘tkazilgan yoki zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda er va ayolning bir xonadonda bo‘lishi taqiqlangan.
«Mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijasi yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deydi Bosh prokuratura matbuot kotibi.