Surxondaryoda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksportiga koʻmaklashuvchi 6 ta logistika markazi ishga tushirildi. Ushbu logistika markazlarida barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifati, yaroqlilik muddati avvalo zamonaviy talablar asosida fitonazorat tekshiruvidan oʻtkaziladi.
Muzrabot tumanida tashkil etilgan eksportga koʻmaklashuvchi shunday logistika markazida dastlabki 10 ming tonna ertaki piyoz eksportga tayyorlanmoqda.
— Ilgari yetishtirgan mahsulotlarimizni Sirdaryo viloyatidan eksportga chiqarardik, bu esa bizga katta qiyinchilik tugʻdirishi bilan birga ortiqcha xarajatni ham talab qilardi, — deydi tadbirkor Olim Xurramov. — Endi tumanimizning oʻzidan mahsulotlarni eksportga yoʻnaltiramiz. Bojxona, transport, karantin va boshqa zarur xizmatlar shu yerning oʻzida tashkil etilgan.
Maʼlumot oʻrnida: Surxondaryo viloyatida 2023-yilda 276 ta eksportyor korxona tomonidan 28 ta davlatga 143 turdagi 233 million 700 ming AQSH dollariga teng sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. Joriy yilda esa 230 million AQSH dollarlik sanoat, 270 million AQSH dollariga teng meva va sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish rejalashtirilgan.