Ayni paytda BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahrida boʻlib turgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Birlashgan Arab Amirliklari Gender tenglik kengashi vitse-prezidenti Mona Gʻanem Ol Marriy bilan uchrashdi.
Maʼlumki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning doʻstlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi, keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berdi.
Muloqot chogʻida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xalqaro reytinglar, davlat boshqaruvi, shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat davomida munosabatlarning amaliy jihatlari, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dasturlarni maxsus seminar va loyihalar orqali birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.
Suhbat yakunida tomonlar koʻp qirrali har tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, gender tenglikni taʼminlash sohasida rivojlantirish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar.
Senat Raisi Mona Gʻanem Al Marriyni Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo xotin-qizlar forumida ishtirok etishga taklif qildi.