Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Global tuproq hamkorligi (GSP) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va bir qator hamkorlar bilan birgalikda Toshkentda “Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi yerlarini qayta karbonlashtirish (RECSOIL)” tashabbusining boshlanishiga bagʻishlangan kirish seminarini oʻtkazdi.
Tashabbus Global Ekologik Jamgʻarmasi (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan Oʻzbekistondagi FAOning ikkita loyihasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bular – “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) va “Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihalari. Soʻnggi yillarda ular doirasida Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka moyil hududlarida qishloq xoʻjaligini resurs tejashning ilgʻor usullaridan foydalangan holda qoʻllab-quvvatlashda samarali natijalarga erishildi va loyihalar bugungi kunda fermer xoʻjaliklarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda daromadlarini oshirishga hissa qoʻshmoqda, shuningdek, yer degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlamoqda.
RECSOIL tashabbusi tuproq sogʻligʻini yaxshilash va uning unumdorligi hamda noqulay taʼsirlarga chidamliligini oshirish uchun tuproqni boshqarish amaliyoti orqali iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilishga qaratilgan. Ushbu mexanizmning asosiy yoʻnalishi, shu jumladan, almashlab ekish, agrooʻrmonchilik va sideratlardan foydalanish (keyinchalik tuproqqa aralashtirib yuborish uchun ishlatiladigan oʻsimliklar) kabi tuproqni barqaror boshqarish usullari orqali tuproqdagi uglerod zaxiralarini saqlash va koʻpaytirishni nazarda tutadi. Ushbu usullar tuproq holatini yaxshilashga va natijada fermerlarning daromadlari hamda oziq-ovqat xavfsizligini oshirishga yordam beradi. RECSOIL tashabbusi uglerodni toʻplash va issiqxona gazlari chiqindilarini yumshatish bilan bogʻliq muammolarni hal qiladi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, RECSOIL tashabbusini amalga oshirish jarayonida fermerlar tuproqni barqaror boshqarish usullari boʻyicha oʻqitiladi, shuningdek ularni muvaffaqiyatli targʻib qilishlari uchun moliyaviy yordam koʻrsatiladi. Bundan tashqari, RECSOIL tashabbusi tuproqlar holatini kuzatish va baholashning ishonchli usulini taqdim etadi, shuningdek, loyiha natijasida kamaytirilgan issiqxona gazlari chiqindilarini hisoblab chiqiladi.
Seminarning asosiy maqsadi ishtirokchilarga RECSOIL mexanizmining mohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berish va vazirliklar, idoralar hamda ilmiy-texnik muassasalar orasidan loyihaning salohiyatli hamkorlarini aniqlashdan iborat. Xususan, ishtirokchilarga RECSOIL vositalari yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishishga qanday hissa qoʻshishi, shuningdek, tuproqni barqaror boshqarishga taʼsirini baholash uchun maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilish jarayoni haqida maʼlumot berildi. Seminar davomida Oʻzbekistonda RECSOILni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va kelishib olindi.